Qandli diabet yoki qand kasalligi — bu moddalar almashinuvi buzilishi holati boʻlib, qonda qand miqdorining oʻzgarishi bilan kechadi.
Insulin gormoni qondagi qandni tegishlicha, energiya sifatida ishlatish yoki zaxira sifatida toʻplash uchun xizmat qiladi. Qandi diabet kasalligida esa, xuddi oʻsha insulin gormonini organizm yetarlicha ishlab chiqara olmaydi yoki undan samarali foydalanolmaydi. Natijada, qonda qandning miqdori normadan koʻpayib, koʻz, buyrak, nerv va boshqa muhim aʼzolarda turli patologik holatlar yuz beradi.
Qandli diabet turlari
1-tip diabetga chalingan odamlarda turli sabablarga koʻra, oshqozon osti bezidagi insulin ishlab chiqaradigan hujayralari insulin ishlab chiqarmaydi.
Insulin organizmda yetishmasligi sababli glyukozani qayta ishlay olmaydi. Natijada ovqatingiz tarkibidagi glyukoza hujayralarga kirib borolmaydi. Bu qonda glyukoza miqdori oshishiga olib keladi. Qonda shakarning yuqori darajasi esa, qisqa va uzoq muddatli muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
2-tip qandli diabet kasalligida organizmdagi tegishli hujayralarning insulinga nisbatan sezgirligi kamayib, yetarli miqdorda insulin ishlab chiqarilgan taqdirda ham qondagi glyukozani hujayralarga kiritishda muammo yuz beradi. Oqibatda, qon tarkibida qandning miqdori koʻp boʻlib qolaveradi. Bu esa, organizmda turli muammolarga ilk debocha boʻladi.
Kasallikka ushbu davrda eʼtiborsizlik qilinsa, keyingi bosqichlarida organizmda yetarlicha insulin ishlab chiqarmasligi ham mumkin. Nazorat qilinmagan 2-tip qandli diabet qonda glyukoza miqdorining yuqori darajada saqlanishiga olib keladi.
Qandli diabet belgilari
Quyida 1-tip qandli diabetning alomatlari keltirilgan:
Tez och qolish;
Tez chanqash;
Koʻrish yomonlashishi;
Charchash;
Tez-tez siyish;
Qisqa vaqt ichida keskin vazn yoʻqotish.
Shuningdek, diabetning asoratlari boʻlgan bemorlarda ketoatsidoz rivojlanishi mumkin. Ushbu holatning belgilari quyidagilarni oʻz ichiga oladi.
Nafas olish tezlashishi;
Teri va ogʻiz qurishi;
Qizargan yuz;
Ogʻizdan yomon hid kelishi;
Koʻngil aynishi;
Qusish yoki oshqozon ogʻrigʻi.
Agar sizda diabetning bir yoki bir nechta alomatlari boʻlsa, shifokorga tashrif buyurishingiz kerak. Ammo sizda ketoatsidoz belgilari boʻlsa, darhol tibbiy yordamga murojaat qilishingiz shart. Ketoatsidoz — bu shoshilinch tibbiy yordam shart boʻlgan holatdir.
2-tip diabet organizmda asta-sekin rivojlanadi. Shunga muvofiq ilk simptomlar ham bilinar-bilinmas, yashirin holatda boʻlishi mumkin. 2-tip qandli diabet quyidagi belgilar bilan namoyon boʻladi:
Doimiy ochlik hissi;
Energiya yetishmasligi;
Doimiy charchoq hissi;
Ozish;
Tez chanqash;
Tez-tez siyish;
Ogʻiz qurishi;
Teri qichishishi;
Koʻrishning xiralashishi.
Kasallik rivojlangan sari alomatlar yana-da kuchayib, hayot uchun xavfli belgilar ham kuzatilishi mumkin.
Agar qonda glyukoza miqdori uzoq vaqt davomida yuqori boʻlsa, bemorlarda quyidagi belgilar kuzatilishi mumkin:
Jarohat yoki yaralarning sekin bitishi;
Teridagi toʻq rangli dogʻlar;
Oyoq ogʻrigʻi.
Agar oʻzingizda ushbu yashirin alomatlarning yoki yaqqon belgilarning ikki yoki undan koʻprogʻini sezsangiz, shifokorga murojaat qiling. Qandli diabetning ushbu tipini nazoratsiz qoldirish hayot uchun xavfli holatlarni yuzaga keltirib chiqaradi.
Qandli diabet sabablari
Qand kasalligining kelib chiqish sabablari tiplariga koʻra, turlicha boʻladi. 1-tip qand kasalligi qanday kelib chiqishi haqida aniq maʼlumotlar hozircha yoʻq. Lekin, bunga organizmda yuz bergan autoimmun reaksiya sabab boʻlishi mumkin, degan fikrlar mavjud. Insonning immun tizimi oshqozon osti bezidagi insulin ishlab chiqaruvchi, beta hujayralarga hujum qilishi natijasida, uni ishdan chiqaradi va ushbu hujayralar asosiy vazifasini bajara olishmaydi.
Ikkinchi tip qandli diabet kelib chiqishida, genetik va hayot tarzi muhim faktor sifatida baholanadi. Notoʻgʻri ovqatlanish, kamharakatlik, semizlik, oilada qandli diabet bilan kasallanganlarning boʻlishi hujayralarning insulinga boʻlgan turgʻunligiga taʼsir etishi mumkin. Natijada, qonda qandning miqdori sezilarli oshishi kuzatiladi.
Erkaklarda qandli diabet alomatlari
Qandli diabet bilan kasallangan erkaklarda umumiy belgilardan tashqari, jinsiy quvvatning sustligi, erektil disfunksiya, umumiy mushak kuchining kam boʻlishi kabi alomatlar ham xos.
Ayollarda qandli diabet alomatlari
Qandli diabetga chalingan ayollarda yuqorida taʼkidlangan umumiy simptomlardan tashqari, terining quruq boʻlib, qichishi kabi belgilari kuzatilishi hamda siydik yoʻllari infeksiyalari, zamburugʻ kasalliklari tez-tez takrorlanib turishi mumkin.

