Bronxit – nafas yoʻllari patologiyalari ichida eng koʻp tarqalgan oʻtkir kasallik. Bronxit har qanday yoshda uchraydi. Ammo, bolalarda, ayniqsa kichik yoshdagi bolalarda koʻproq uchraydi va kattalarga qaraganda ogʻirroq kechadi. Bolalarda bronxit koʻp hollarda infeksiya natijasida kelib chiqadi, lekin bronxit kelib chiqishiga noinfeksion sabablar ham bor.

Bronxlar – inson nafas olish tizimidagi eng muhim qismlaridan biri. Inson nafas olganda havo halqum va traxeya (kekirdak) lardan oʻtadi, soʻngra bronx tizimiga tushadi va oʻpkalarga kislorod yetib boradi. Inson nafas chiqarganda oʻpkada almashgan gazlar (karbonat angidrid gazi) bronxlar orqali, soʻng traxeyadan oʻtib qayta tashqi muhitga chiqariladi. Bronxlar yuzasi shilliq va sezgir kiprikchalar bilan qoplangan. Bu tuzilmalar bronxlarga tushgan har qanday moddalarni tashqariga chiqarishda ishtirok etadi.
Shunday qilib bronxlar oʻtkazuvchanligi biror bir salbiy omil natijasida buzilsa, bu nafas olish jarayoniga salbiy taʼsir etadi, natijada organizmning kislorod bilan taʼminlanishi pasayadi.
Bronxit – bronxlar shilliq qavatining yalligʻlanishidir.
Bu kasallik koʻproq bolalarda uchrashiga sabab bolalarning immun tizimi sust boʻlishi va nafas aʼzolarining toʻliq rivojlanmaganligidir. Statistika boʻyicha har yili 1000 ta bolaning 200 tasi bronxit kasalligiga chalinadi. Koʻproq 5 yoshgacha boʻlgan bolalar kasallanadi. Bronxitlar qish mavsumida koʻpayadi.
Bronxit kasalligi turlari
Bronxitning bir necha koʻrinishlari bor – oddiy obstruktiv bronxit.
Kechishi boʻyicha – oʻtkir va surunkali. Surunkali bronxit deb bolalarda ushbu kasallikning 3-4 oygacha choʻzilishiga aytiladi. Bundan tashqari, bolalarda bronxiolalarning yalligʻlanishi – bronxiolit ham uchrab turadi.
Obstruktiv bronxit – bolalarda bronxlarda shilliq toʻplanishi yoki spazm roʻy berishi natijasida, aʼzoning torayib (yopilib) qolishidir.
Bolalarda bronxit – bir taraflama yoki ikki taraflama boʻlishi mumkin, bundan tashqari, bir bronx daraxti yoki bir necha bronx daraxtlarining yalligʻlanishi ham farqlanadi. Agar yalligʻlanish faqatgina bronxlarda emas balki traxeyada boʻlsa – traxeobronxit, agar oʻpkalarda va bronxlarda boʻlsa – bronxopnevmoniya deb nomlanadi.

Koʻpincha bolalar bakterial bronxit bilan kasallanadilar. Maktab yoshidagi bolalarda xlamidiyalar sababli kelib chiqadigan bronxit ham uchrab turadi.
Birlamchi bronxit ham kam boʻlsada uchrab turadi. Odatda bunga sabab mayda jismlarning bronx yoʻllariga tushishi yoki chaqaloqlarda ovqat mahsulotlari aspiratsiya holatlari boʻlishi mumkin. Bola yoʻtalganidan keyin yot jism tashqi muhitga chiqib ketadi, ammo ular bilan birga tushgan bakteriyalar bronx shilliq qavatida koʻpayadi va patogenligini boshlaydi.
Kam hollarda bronxit zamburugʻlar taʼsirida ham kelib chiqadi. Bronxitning yana bir koʻrinishi allergik bronxitdir. Uning namoyon boʻlishi tashqi qoʻzgʻatuvchi taʼsiri bilan tushuntiriladi, masalan dori preparatlari, kimyoviy moddalar, chang, hayvonlar yungi, oʻsimliklar changi va boshqalar.
Bolalarda bronxit kelib chiqish xavfini oshiruvchi omillar quyidagilardir
- Immunitetning sustligi;
- Sovuq qotish;
- Haroratning birdan oʻzgarishi;
- Juda quruq havo, ayniqsa isitgichlar ishlab turgan xona havosidan nafas olish;
- Nafas yoʻllari shilliq qavatining qurib qolishi;
- Avitaminoz;
- Passiv “tamaki mahsulotlarini chekish” (chekayotgan inson yaqinida boʻlish);
- Yondosh kasalliklar, masalan mukovisidoz.
Bir yoshgacha boʻlgan bolakaylarda bronxit kam hollarda uchraydi, chunki bu yoshda goʻdaklar qarindoshlari, begona shaxslar bilan kontakda boʻlmaydi. Bu yoshda bronxit rivojlanishiga olib keluvchi omillar – bolaning chala tugʻilganligi, nafas yoʻllari tugʻma patologiyalari boʻlishi mumkin.
Bolalarda oʻtkir bronxit belgilari
Bolalarda bronxit belgilari boshqa nafas kasalliklari belgilaridan farq qiladi. Bolalarda bronxit belgisi deganda birinchi boʻlib yoʻtal tushuniladi. Ammo, yoʻtal nafas yoʻllarining boshqa kasalliklarida ham kuzatiladi. Xoʻsh, bronxitda yoʻtalning oʻziga xos xususiyatlari nimasi bilan farqlanadi?
Bolalarda bronxitning ilk belgilari quruq yoʻtaldan boshlanadi, yaʼni balgʻam ajralmaydigan yoʻtal. Balgʻam koʻchishi va nam yoʻtallar boshlanishi kasallik tuzalayotganidan dalolat beradi. Balgʻam rangsiz, sargʻish yoki yashil rangda boʻlishi mumkin.
Bronxit sabablari
Bolalarda nafas olish aʼzolari kattalarniki kabi yaxshi shakllanmagan boʻladi. Aynan mana shu xususiyat bolalarda bronxit kasalligining koʻp uchrashiga sabab boʻladi. Bolalarda nafas aʼzolari kamchiliklariga quyidagilar kiradi:
- Nafas yoʻllarining kaltaligi – infeksiyaning kirishini osonlashtiradi;
- Oʻpka hajmining kichikligi;
- Nafas mushaklarining kuchsizligi – balgʻam koʻchirishda yoʻtalishning sustligi;
- Shilliq qavatlarda yetarlicha immunoglobulinlar boʻlmasligi;
- Tonzillit va adenoidlarga moyillik yuqoriligi.
Bronxitlar koʻp hollarda ikkilamchi kasallik sifatida namoyon boʻladi. Bu patologiya yuqori nafas yoʻllari kasalliklari asoratidir – faringit, laringit,tonzillit kabi. Nafas yoʻllarining yuqori qismidagi bakteriya yoki viruslarning pastki qismlarga oʻtishi natijasida kasallik kelib chiqadi. Shifokor mutaxassislar taʼkidlashicha, birlamchi bronxit, yaʼni infeksiyaning toʻgʻridan-toʻgʻri bronxlarga taʼsiri kam hollarda uchraydi. Bronxitlar kelib chiqishida – gripp, paragripp, rinovirus,adenoviruslarning oʻrni katta.
Bolalarda bronxiolit va obstruktiv bronxit belgilari
Bolalarda bronxiolit va obstruktiv bronxitning belgilari oddiy (kataral) bronxit belgilaridan farq qiladi. Ha aytgancha, koʻpchilik mutaxassislar bronxiolit va obstruktiv bronxiolitni farqlashmaydi. Bu kasallikda ham yoʻtal va tana harorati oshishi kuzatiladi. Ammo, bronxiolit va obstruktiv bronxitda belgilarga nafas yetishmovchiligi alomatlari ham qoʻshiladi – nafas olish soni ortadi, ogʻiz-lab uchburchagida koʻkarish kelib chiqadi, nafas olish shovqinli boʻladi va qoʻshimcha qorin mushaklari ham ishtirok etadi.
Bolalarda obstruktib bronxitda koʻkrak sohasida xirillashlar eshitiladi. Odatda nam va xushtaksimon xirillash kuzatiladi. Baʼzida bunday tovushlarni fonendoskopsiz ham masofadan eshitsa boʻladi. Nafas chiqarish esa uzayadi.
Emizikli bolalarda obstruktiv bronxitda hansirash belgisi sifatida nafas olish sonining bir daqiqada 60 martagacha amalga oshishini keltirsak boʻladi, 2 yoshgacha boʻlgan bolalarda – 50 martagacha, 2 yoshdan katta bolalarda – 40 martagacha nafas olish hansirash alomatidir.
Bronxiolit kasalligida hansirash – 1 daqiqada 80-90 martagacha nafas olish bilan namoyon boʻladi, bunda yurak tomonidan taxikardiya holatlari ham kelib chiqishi mumkin, hamda yurak tonlari boʻgʻiqlashishi kuzatiladi.


