BOLALARDA LARINGIT – nafas yoʻllari yuqori qismi (hiqildoq) yalligʻlanish kasalligi boʻlib, ovoz apparati va nafas olish buzilishi bilan kechadigan patologik holat. Bolalarda laringit “xurish» kabi yoʻtal, ovozning boʻgʻiqlashuvi, tana harorati koʻtarilishi, nafas olish qiyinlashuvi kabi belgilar bilan kechadi.
Bolalarda laringit – hiqildoq shilliq qavatlari va ovoz boylamlarining yalligʻlanishidir.
Laringit kasalligi koʻproq erta yoshdagi va maktabgacha boʻlgan yoshdagi bolalarda uchraydi. Laringit bolalarda kam holatlarda yagona kasallik sifatida namoyon boʻladi, koʻpincha traxeit va bronxit bilan birgalikda – laringotraxeobronxit koʻrinishida kechadi.
Bolalarda oʻtkir laringit natijasida nafas yoʻllarining yuqori qismlari obstruksiyasi (yopilib qolishi) kelib chiqishi mumkin, bunday holatlarda tez tibbiy yordam koʻrsatish talab etiladi. Yuqorida keltirib oʻtilgan laringit belgilari kasallikning jiddiy ekanligi va ota-onalar, pediatr va bolalar otolaringologi eʼtiboridan chetda qolmasligi zarur.

Bolalarda laringit kelib chiqish sabablari
Bolalarda laringit infeksiya, allergiya, diatezlar, psixo-emotsional va boshqa omillar taʼsirida kelib chiqishi mumkin. Koʻp hollarda laringit kelib chiqishiga sabab viruslar boʻladi: paragripp, gripp, oddiy gerpes virusi, qizamiq, adenovirus va boshqalar. Bakterial etiologiyali laringit bolalarda kam uchraydi, ammo juda ogʻir koʻrinishda kechadi. Bunday holatlarda kasallikning asosiy qoʻzgʻatuvchisi – b tipidagi gemofil tayoqcha, stafilokokk, pnevmokokk, gemolitik streptokokk A guruhidagi bakteriya (skarlatina qoʻzgʻatuvchisi), Borde-Jang tayoqchasi (koʻk yoʻtal qoʻzgʻatuvchisi) va boshqalar boʻlishi mumkin. Difteriya (boʻgʻma) ga qarshi profilaktiik emlashlar natijasida bolalarda difteriyali laringit deyarli uchramaydi.
Bolalarda laringit kasalligi avj oladigan davr – qish mavsumidir. Kasallik koʻp qayd etilishiga sabab bu davrda bolalar sovuq qotishi, burun orqali nafas olishning buzilishi, gipovitaminoz, immunitetning sustlashishi, rinit, faringit, adenoidit, tonzillit kabi kasalliklar xuruj qilishidir. Ayniqsa, laringit kasalligiga moyil boʻlganlar – limfatik-gipoplastik diatez kuzatiladigan bolalar hisoblanadi.
Allergik etiologiyali laringit bolalarda turli xil kimyoviy moddalar bugʻi bilan nafas olganda (boʻyoq-lak), chang, hayvon yungi nafas yoʻllariga tushishi, ayrim aerozol preparatlardan notoʻgʻri foydalanganda va ovqat mahsulotlariga allergik reaksiyalar natijasida kelib chiqadi. Baʼzida laringit kelib chiqishiga ovoz boylamlarining zoʻriqishi (kuchli baqirganda, qoʻshiq kuylovchi bolalarda va boshqalar), kuchli ruhiy-emotsional holatlar natijasida kelib chiqadigan hiqildoq spazmi, hiqildoq jarohatlari, yot jism aspiratsiyasi, oshqozondagi kislotali massaning qayta yuqoriga koʻtarilishi va nafas yoʻllariga oʻtishi (gastro-ezofagal reflyuks, reflyuks-laringit) ham sabab boʻlishi mumkin.
Bolalarda laringit belgilari
Bolalarda laringit klinik belgilari oʻtkir respirator infeksiya bolaga yuqqanidan 2-3 kun oʻtib yuzaga chiqadi. Bolalar holsizlik, yutinganda ogʻriq, yutinish qiyinlashuviga shikoyat qiladilar, tana harorati koʻtarilishi ham mumkin (37,5 C gacha), bosh ogʻrigʻi, nafas olishning qiyinlashuvi va tezlashuvi kuzatiladi. Laringit holatida bolalarda ovoz oʻzgarishi roʻy beradi: ovoz boʻgʻiq, xirillagan, kuchsiz yoki umuman ovozsiz boʻlib qolishi mumkin (disfoniya yoki afoniya rivojlanadi). Quqruq, “xurgan» kabi yoʻtal paydo boʻladi, 3-4 kun oʻtib nam yoʻtalga aylanadi. Asoratsiz laringit odatda 5-10 kun davom etishi mumkin.
Kichik yoshdagi bolalarda laringit avj olib borishi – hiqildoq torayishi va oʻtkir laringotraxeit rivojlanishiga olib keladi. Bundan tashqari, bolalarda soxta KRUP ham kuzatiladi, uning belgilari triada koʻrinishida kechadi: “xurgan kabi” yoʻtal, ovozning boʻgʻiqlashuvi, inspirator hansirash (nafas olish qiyinlashuvi). Soxta KRUP asosan tunda namoyon boʻladi. Bola toʻsatdan uygʻonadi, uni yoʻtal va nafas qisishi qiynaydi, bola bezovta va juda qoʻzgʻalgan holatda boʻladi. Auskultativ eshitib koʻrilganda xushtaksimon nafas, taxipnoe eshitiladi, taxikardiya, ogʻiz uchburchagida sianoz, akrotsianoz aniqlanadi, bola koʻp terlaydi. Ogʻir koʻrinishlarida yurak-qon tomir yetishmovchiligi va asfiksiya kelib chiqishi mumkin.
Surunkali laringit katta yoshli bolalarda koʻp uchraydi. Kasallikka xos belgilar – oʻtib ketuvchi yoki saqlanib qoluvchi disfoniya, koʻp gapirganda charchab qolish, tomoqda qichishish va reflektor ravishda yoʻtal tutishi boʻlishi mumkin. Laringit xuruj qilgan vaqtlarda yuqoridagi belgilar kuchli namoyon boʻladi.


